Arxitektura va qurilish
04-07-20251969 yilda umummuhandislik fakulteti tarkibidan Qurilish-geologiya fakulteti ajralib chiqdi va fakultetda “Sanoat va fuqaro qurilishi” hamda “Neft va gaz quduqlarini parmalash” mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Yangi ochilgan Qurilish-geologiya fakulteti dekani lavozimiga geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi, dosent H.A.Ahmedov tayinlangan. Habibullo Ahmedovich o‘zining ko‘p yillik samarali mehnati bilan fakultet tarixida sezilarli iz qoldirdi. Rahbarlik davrida yuksak tashkilotchilik qobiliyatiga va insoniy fazilatlarga ega bo‘lgan H.A.Ahmedov hamkasblari va talabalar mehrini qozondi.
Dastlab fakultet tarkibida “Organik kimyo” hamda “Xorijiy tillar va rus tili” kafedralari faoliyat olib borgan, 1969 yilga kelib “Umummuhandislik va geologiya fanlari” kafedrasidan “Geologiya va qurilish fanlari” kafedrasi ajralib chiqqan. 1979 yilda “Qurilish mexanikasi” kafedrasi negizida “Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevor” kafedrasi tashkil qilindi.
1972 yili institutning dastlabki bitiruvchilari orasidan eng iqtidorlilari tanlab olinib, kafedralarga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilindi. Qurilish fakultetini bitirib institutga ishga qoldirilgan yoshlar orasida M.Samixonov, F.Badriddinov, A.A.Ahmedov, S.Tursunov, O.Hamroliyev, B.Qahhorov, A.T.Mirzaahmedov, E.K.Umurzaqov, M.P.Ignatova, G.E.Oyzerskaya, R.I.Oxunboyev va boshqalar bor edi. Ulardan dosent A.Mirzaahmedov va R.Oxunboyevlar bugungi kunda ham institutda mehnat qilmoqdalar.
1972 yilga kelib fakultet tarkibida “Arxitektura va qurilish fanlari”, “Rus tili”, shuningdek, “Qurilishni tashkil etish”, “Qurilish konstruksiyalari” va “Qurilish mexanikasi” kafedralari ochildi.
1973 yilda “Arxitektura va qurilish fanlari” kafedrasi ikkiga bo‘linib, “Arxitektura” hamda “Fuqaro va sanoat qurilishi” kafedralari tashkil etildi.
1975-1976 yillarda t.f.n., dosent A.Abdug‘aniyev fakultet dekani lavozimida ishladi.
1976-1987 yillarda hamda 1995-1998 yillarda qurilish fakulteti dekani lavozimida dosent R.D.Teshaboyev faoliyat ko‘rsatgan. Bu davrda fakultet institutdagi eng yirik jamoalardan biri bo‘lgan. R.Teshaboyev rahbarlik qilgan yillarda “Student-qurilish otryadlari” tashkil etish ishlariga jiddiy e’tibor berilgan. Talabalar yozgi ta’til davrida Ivanovo, Tyumen, Tolyatti, Kemerovo va O‘zbekiston Respublikasining bir qancha viloyat va shaharlaridagi yirik qurilishlarda ishtirok etgan. Bu otryadlar, ayniqsa, institut binolari qurilishida faol qatnashib, jamoatchilik olqishiga sazovor bo‘lgan. Tajribaga ega bo‘lgan bu otryadlar paxta yig‘im-terimi mavsumi davrida shahardagi sanoat korxonalari qurilishida ishlash uchun jalb qilingan.


